Qadrli hamkasblar, muhtaram ustozlar! Aziz talabalar va universitetimizning ardoqli do‘stlari!
Bugun biz nafaqat bir oliy ta’lim muassasasining, balki milliy o‘zligimiz va ma’naviy merosimizni ulug‘lash yo‘lidagi ulkan bir tarixiy burilishning o‘n yilligini nishonlamoqdamiz.
Bundan o‘n yil muqaddam ayni shu kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etish to‘g‘risida Prezident Farmoni e’lon qilingani nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyoda aks sado bergani yodimizda.
Qayd joizki, milliy tilimiz va adabiyotimizga ixtisoslashgan bunday noyob oliy o‘quv yurtining barpo etilishi – o‘zbek davlatchiligi tarixidagi ulkan strategik qadam edi. Bu qaror ona tilimizning davlat tili sifatidagi mavqeini mustahkamlash, xalqimizning asriy ma’naviy merosini tizimli tadqiq etishga bo‘lgan ijtimoiy va tarixiy zaruratning natijasi bo‘ldi.
Shuni g‘urur bilan ta’kidlashimiz kerakki, dunyoning hech bir mamlakatida milliy til va adabiyotga aynan chuqur ixtisoslashgan, butun bir millatning o‘zligini ilmiy asosda o‘rganuvchi va targ‘ib qiluvchi boshqa bir universitet mavjud emas.
O‘tgan o‘n yillik davr universitetimiz kelajagi uchun poydevor qurish, ilmiy maktablarni shakllantirish va xalqaro akademik hamjamiyatda o‘z munosib o‘rnini topish yillari bo‘ldi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ilm-fan va ma’rifat sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor universitetimiz hayotida yangi yuksalish davrini boshlab berdi. Faoliyatimizni atigi 3 ta bakalavriat yo‘nalishi bilan boshlagan bo‘lsak, bugun ularning soni 15 taga yetgani, magistratura mutaxassisliklari soni 13 taga kengaygani ta’lim sifatining miqyosini ko‘rsatadi. Ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan tizimli ishlar natijasida ilmiy salohiyatimiz qisqa vaqtda 65 foizga ko‘tarilgani jamoamizning ulkan intellektual quvvatidan dalolatdir. Bugun universitetimiz turkiy davlatlar ilmiy doiralarida o‘ziga xos Turkologiya markazi va nufuzli ilmiy hab sifatida e’tirof etilmoqda. Sa’y-harakatlarimiz natijasida Turkiyaning Bursa Uludag‘, Qirg‘izistonning O‘sh davlat universitetlari, Tojikistonning Dushanbe shahri hamda Ozarbayjon Milliy ilmlar akademiyasi Ganja bo‘limida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va madaniyati markazlari ochildi. Italiyaning Ka-Foskari universitetida O‘zbekiston burchagi, eng muhimi, Buyuk Britaniyaning nufuzli Oksford universitetida bevosita tashabbusimiz bilan “O‘zbekshunoslik” dasturining yo‘lga qo‘yilishi o‘zbek ilm-fanining jahon miqyosidagi o‘rni yanada mustahkamlanib borayotganidan darakdir.
Bugun biz xalqaro reytinglarda, xususan, nufuzli “THE Impact Rankings” tizimida dunyoning eng yaxshi 200 ta universiteti qatoridan joy olganimiz, “QS World University Rankings”da zamonaviy tillar yo‘nalishi bo‘yicha jahonning eng kuchli 251 ta oliygohi safida e’tirof etilganimiz hamda “UI GreenMetric” reytingida barqaror infratuzilmamiz bilan dunyoning yetakchi 335 ta maskani ro‘yxatiga kirganimiz o‘tgan o‘n yillik zahmatli mehnatlarimizning yorqin natijasidir. Eng quvonarlisi, gender tengligini ta’minlash boʻyicha dunyo miqyosida kuchli oʻnlikdan va sifatli ta’lim mezoni bo‘yicha yigirmatalikdan joy olishimiz universitetimizning nafaqat tilshunoslik, balki umuminsoniy qadriyatlar borasida ham jahon standartlariga mos ekanini tasdiqladi.
Aziz do‘stlar, 13-may sanasi biz uchun tarixiy kun bo‘lsa-da, o‘n yillik zafarli yo‘limizning to‘liq hisoboti va tantanali bayram tadbirlarini biz joriy yilning sentabr oyida, universitetimiz o‘zining yangi o‘quv yilini boshlagan paytda keng ko‘lamda nishonlaymiz.
Yana bir bor ushbu qutlug‘ sana bilan barchangizni chin qalbimdan muborakbod etar ekanman, ona tilimiz va adabiyotimizni ulug‘lash, targʻib etish, avaylab-asrashdek muqaddas va sharafli yoʻlda sizlarga sihat-salomatlik, bitmas-tuganmas g‘ayrat hamda ulkan zafarlar tilayman. O‘zbek tili va adabiyotining nufuzi yanada ortaversin!
Akademik Shuhrat SIROJIDDINOV