Sizga atalgani baribir o'zingizga keladi
Qanchalik xohlamaylik, hamma narsani ham o'zimiz bilan olib qola olmaymiz. Hammasini o'z holiga tashlab, bizga atalgani baribir o'zimizga kelishiga ishonish insonga qandaydir xotirjamlik beradi. Hamma narsaga yugurib, talashib erishiladigan bugungi kunda bunga ishonish oson emas. Lekin hayotning tashvishlari orasida "nasib qilgani albatta keladi" degan fikr ko'ngilga taskin beradi.
Yillar davomida nimalarnidir boy berdimmi, orzularim ushalishi uchun kam harakat qildimmi, deb o'zimni ko'p tergardim. Yo'qotishdan qo'rqib, ba'zi narsalarni ushlab qolishga qattiq urindim. Lekin baribir o'sha insonlar, ish va umidlarni boy berdim. O'shanda o'zimni yengilgandek his qilganman. Go'yoki hayot meni kuchsizligim yoki uquvsizligim uchun jazolayotgandek tuyulgan.
Vaqt o'tib tushundimki, o'sha paytda erisholmagan hamma narsam aslida yo'qotish emas ekan. Ba'zi narsalar baribir bizniki bo'lmaydi. Ular bizga dars bo'lishi, o'sishimiz yoki kattaroq yutuqlarga tayyorlanishimiz uchun berilgan vaqtinchalik narsalar bo'lgan, xolos.
Haqiqatan ham, bizga atalgan narsalar ularni kuch bilan ushlab turishimizni talab qilmaydi. Ular kutilmaganda, o'z-o'zidan hayotimizga kirib keladi. Bu endi harakat qilmaymiz degani emas. Bu shunchaki narsalarni zo'rma-zo'raki qilishni to'xtatish degani. Biz orzu-maqsadlarimizdan kelib chiqib mehnat qilamiz, lekin natijani taqdirning o'ziga topshiramiz. Vaqti-soati kelib ochilishi kerak bo'lgan eshiklar albatta ochilishiga, yopiq qolganlari esa biz uchun emasligiga ishonamiz.
Hamma narsani boricha qabul qilishning ham o'ziga xos go'zalligi bor. Hayotning o'z oqimi borligini, hamma narsani ham tushunavermasligimizni, lekin unga ishonishimiz kerakligini anglash — shunday go'zallikdir. Bu hayotning bizga syurprizlar qilishiga yo'l qo'yib berish va nasibamiz allaqachon biz tomon kelayotganini anglab yetish demakdir.
Har kuni o'zimga hammasini nazorat qilishni to'xtatishni uqtiraman. Chunki oxir-oqibat, meniki bo'lgan narsa meni baribir topadi. O'sha payt kelganda esa men bunga tayyor turaman. Ba'zan bu ko'r-ko'rona ishonchdek tuyuladi. Bunday holatda insondan sabr va iroda talab qilinadi. Ayniqsa, hayot to'xtab qolgandek tuyulganda yoki orzuimdagidek bo'lmayotganida ko'nglimga shubha tushadi. "Balki bekorga kutayotgandirman? Balki nasibam yo'lda adashgandir?" deb o'ylayman.
Lekin shunda yana o'zimga takror eslataman: haqiqatan menga atalgani hech qachon yo'q bo'lib qolmaydi. Dunyo men xohlagandek aylanmasligi mumkin, lekin u o'z yo'lida davom etyapti. U hammasini joyiga qo'yadi, bizni sinaydi va nimalarnidir o'rgatadi. Xotirjam paytlarimda o'yga tolsam, buning tasdig'ini ko'raman. Qalb og'riqlari meni qanchalik kuchli qilganini, boy berilgan imkoniyatlar aslida men umid qilganimdan ham ko'ra yaxshiroq yo'llarga boshlaganini tushunaman. Bir vaqtlar "usiz yashay olmayman" degan narsalarim o'rniga bugun hayotimni quvonchga to'ldirgan boshqa narsalar kelganini ko'raman.
"Men uchun atalgani baribir o'zimga keladi" degan ishonch bilan yashashda davom etyapman. Buning uchun qo'rquvlarimdan voz kechib, hayotni o'z oqimiga qo'yib berishim kerak ekan. Shuningdek, hayotimdagi o'zgarish-yangiliklarga peshvoz chiqishim, o'sishim va hali o'zim bilmagan imkoniyatlarga tayyor turishim zarur.
Bu ishonchning asli ma'nosi biror manzilga yetishda emas, balki shu yo'lda xotirjam yashashda. Bu — ba'zida kutishning o'zi ham bir sovg'a ekanini, u meni kelajakdagi baxtimni qabul qilishga tayyorlayotganini tushunishdir.
Shuning uchun ham taqdirga ishonib, sokin va xotirjam qalb bilan oldinga yurishni tanlayman. Chunki menga atalgani baribir bir kun o'zimni topadi. U kelganda esa, o'zimni xuddi uzoq vaqtdan keyin qadrdon uyimga qaytgandek xotirjam his qilaman.