O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori talabalar turar joyida bo‘ldi
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev “Rektor yotoqxonada — bir kun, bir tun” tashabbusi doirasida talabalar turar joyida bo‘lib, talabalar bilan bevosita uchrashuv va samimiy muloqot olib bordi.
Dastlab rektor 2-sonli talabalar turar joyida bo‘ldi. U yerda talabalar shaxmat va shashka hamda stol tennisi bilan shug‘ullanayotgan bo‘lib, bu jarayon ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli va samarali o‘tkazayotganidan dalolat beradi.
Rektor ular bilan samimiy suhbat qurib, o‘yin jarayoniga ham qiziqish bildirdi hamda intellektual o‘yinlarning yoshlar tafakkurini rivojlantirishdagi ahamiyatini alohida ta’kidladi.
Jarayonda Menejment ta’lim yo‘nalishi 2-bosqich talabasi Laziz Sayfiddinov O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida bo‘lib o‘tgan musobaqada stol tennisi bo‘yicha ishtirok etib, faxrli 2-o‘rin sohibi bo‘lganini ma’lum qildi.
Shundan so‘ng rektor talabalar turar joyidagi tikuv xonasini ko'zdan kechirib, u yerda tikish ishlari bilan shug‘ullanayotgan talaba-qizlar bilan suhbatlashdi. Jarayon davomida ularning ijodiy yondashuvi, mehnatsevarligi va kasbiy qiziqishlariga alohida e’tibor qaratdi.
Rektor qizlarning o‘z qo‘llari bilan yaratayotgan buyumlarini ko‘rib, ularning didi, mahorati va intilishlarini yuqori baholadi. Suhbat chog‘ida tikuvchilik nafaqat kasb, balki san’at ekanini ta’kidlab, bu yo‘nalishda o‘z ustida ishlash, zamonaviy dizayn va milliy an’analarni uyg‘unlashtirish muhimligini qayd etdi.
Talaba-qizlar bilan muloqot davomida ularning bu yo‘nalishdagi kelajak rejalari bilan qiziqib, zarur shart-sharoitlarni yanada yaxshilash yuzasidan takliflarni tingladi. Bu kabi amaliy mashg‘ulotlar yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bilan birga, ularning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, oshxonadagi sharoitlar bilan ham tanishdi. Ayni jarayonda ovqat tayyorlayotgan talaba-qizlar bu yerda barcha sharoitlar mavjud ekanligini alohida ta’kidlab, rektordan o‘zlari hozirgina tayyorlagan taomdan tatib ko‘rishini so‘rashdi. Nodirbek Sayfullayev taomning mazali ekanini ta’kidlab, qizlarning pazandaligini yuqori baholadi.
So‘ngra talabalar turar joyida tashkil etilgan kutubxona faoliyati ko‘zdan kechirildi. Nodirbek Sayfullayev bugun yoshlarni kitobxonlikka jalb etish har bir rahbar oldida turgan muhim vazifa ekanini qayd etib, bu masalani shaxsan nazorat qilishini, kutubxona fondi uchun zarur barcha kitoblar taqdim etilishini, shuningdek, talabalarga internetdan foydalanish imkoniyatlari kengaytirilishini va elektron kitoblar soni oshirilishini ma’lum qildi.
So‘ngra muloqot 2-sonli talabalar turar joyida davom etdi. Dastlab “Qalqon” jamoatchilik guruhi hamda Yoshlar ittifoqi koordinatorlari va fakultet yetakchilari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Rektor bugun yurtimizda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyat va e’tibor, ularning har tomonlama rivojlanishi uchun davlat tomonidan olib borilayotgan izchil islohotlar haqida alohida to‘xtaldi. Jumladan, yoshlarning sifatli ta’lim olishi, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi, o‘z iqtidor va salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilayotgan sharoitlar, grantlar, tanlovlar va turli loyihalar tizimli ravishda kengayib borayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, bunday imkoniyatlardan oqilona foydalanish, berilayotgan ishonchni oqlash har bir yoshning muhim vazifasi ekanini qayd etib, ayniqsa talabalarning nafaqat bilimli, balki yuksak ma’naviyatli, mas’uliyatli shaxslar bo‘lib kamol topishlari zarurligini urg‘uladi hamda yoshlarni faol bo‘lishga chorladi.