Birov
Yuragi poklarni koʻrdim koʻp bora,
Koʻnglim toza, deyish esiga kelmas.
Koʻksida nimadir sezgan bechora
Qalbim musaffo der, oʻzini bilmas.
Yengilgan kurashga toʻymaydi, derlar,
Ortda qolgan boʻyin choʻzar beoʻxshov,
Qudratli koʻrinmoq uchun chiranar
Oʻzida ojizlik payqagan birov.
Izzatni istamas unga sazovor,
Hurmatdan mahrumlar hurmattalabdir.
Quyoshga nur daʼvo aylamoqlik or,
Yerga tuproq boʻlmoq ayni sharafdir.
Oʻzin sher koʻrarmish koʻzguda mushuk,
«Chavandoz edim», der otdan yiqilgan.
Oʻzingcha gar maqtov qilmasang tuzuk,
Oʻz haqida fikr soʻraydi eldan.
Oʻrmalab yurgancha, qilolmay parvoz,
Uchganni «past uchdi», deydi bemalol,
Qanotin chiqarsang, koʻtarsang biroz,
Olamga «parvoz»in jar solar darhol.
Kimdir dengizdagi durdan soʻz ochsa,
«Yumaloq, serqirra, koʻrganman», deydi.
Mabodo Marsdagi yerdan gap qochsa,
«U yerga men chipta olganman», deydi.
Yangi gap aytsang ham, hech tinmas soʻzi,
Yo azal bilganday turar «bejirim»,
«Bilmayman» deyish ham bir ilm oʻzi,
Bilib bilmagandek turmoq ham bilim.
Zakovatsizlikning eng ilk belgisi
Oʻzini oʻzidan zakiy anglatmoq,
Egasin bir kuni zabun etgusi
Oʻzini oʻzidan baland koʻrsatmoq.
Qoʻy, doʻstim, oʻzingni qaytadan tugʻma,
Koʻringaningdek boʻl, boʻlgandek koʻrin.
Oʻzingni qiynama, oʻzgani boʻgʻma,
Choʻgʻni koʻp puflamoq kul qilar qoʻrin.
https://t.me/farohiy 🌟