"Post"larni o‘qiyman bo‘lib hayrona,
Jiddiy mavzularda kulib, qotishar.
Ostidan nom qo‘yib Ummu Falona,
Kommentlar bahona gaplar otishar!
Sochib qalblardagi pinhon hislarin,
Diniy so‘zlar topib bahonasiga
Eriga aytmagan iliq so‘zlarin
Aytarlar nomahram parvonasiga.
Kuzgi xazon kabi so‘lib ketmishdir
Ne bo‘ldi rijollar himmatlariga!
Yo Rabbiy, nimalar bo‘lmoqda, axir,
So‘nggi Payg‘ambarning ummatlariga?!
Ko‘rsatib o‘zlarin go‘yo "olimlar",
Chiqolmay izg‘irlar vasvas domidan.
Eng alam qilgani johil xonimlar
So‘z qotishar, hayhot, dinning nomidan!
Ne ajib jasorat, naqadar erkin?!
Yoqangni ushlaysan ko‘rib savolni.
Ayting-chi, nima deb tushunish mumkin
Ko‘p xotinga targ‘ib qilgan ayolni?!
Hayodan gapirsa bo‘lurmi axir-
Tunda nomahramla bahslashgan ayol?!
Erini mensimas, nafsiga asir,
Men haqman, degani xayoldir, xayol!
Tag‘in, oqlab ushbu shaddodligini,
Deydi: "Haqparvarman, xolis, beg‘ubor"
Smaylik yo‘llagan bedodligini
Qosh qoqib qo‘ygandan nima farqi bor!
Siz ko‘p tanildingiz, to‘g‘ri, hozirda
Fitnali bahslarga siz doim tayyor!
Ammo shunday ona borki, moziyda,
Hech tanilmasada Buxoriysi bor!
Bilmadim Sukerberg kashf qilgan bu to‘r-
Ishlaydi qay maqsad, qay niyat bilan
Ammo afsus ayrim muslimani ko‘r
Gaplashib yotibdi yetti yot bilan!
Tik qarash mushkuldir gapning rostiga,
Har zamon tan olmas botil g‘ururlar.
Ayollar chekinsin parda ortiga!
Bas, chiqsin sahnaga Amir Temurlar!
Abror Muxtor Aliy