📰📰📰📰📰📰📰 😁
📝 Ilm-fan integratsiyasi yo‘lida yangi tashabbus: Xalqaro hamkorlikka keng yo‘l...
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Umumiy va noorganik kimyo instituti mamlakatimizda ko‘p yillik tarix va boy ilmiy an’analarga ega nufuzli ilmiy muassasalardan biri hisoblanadi. Institutda amalga oshirilayotgan fundamental va amaliy tadqiqotlar qator xorijiy ilmiy markazlar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Jumladan, 2026 yil 17 mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Umumiy va noorganik kimyo instituti hamda “D. I. Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti” Federal davlat budjet oliy ta’lim muassasasi filiali o‘rtasida ilmiy tadqiqotlar olib borish va ilmiy kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlik to‘g‘risida shartnoma tuzish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Uchrashuvda “D. I. Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti” rektori, kimyo fanlari doktori, professor Filatov Sergey Nikolayevich, Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti rektori admnistarsiyasi raxbari Yernovaya Yelena Sergeevna
universitetning Xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Kadimov Dmitriy Sergeyevich, Rossiya Fanlar akademiyasining N. D. Zelinskiy nomidagi Organik kimyo instituti direktori, Rossiya kimyo-texnologiya universiteti Oliy kimyo kolleji dekani, akademik Terentev Aleksandr Olegovich, Toshkent shahridagi “D. I. Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti” filiali ijrochi direktori Nurmatov Botir Erkinovich, mazkur filialning xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Shernayev Anvar Normamatovich, shuningdek, O‘zR FA Umumiy va noorganik kimyo instituti rahbariyati hamda laboratoriya mudirlari ishtirok etdilar.
Tuziladigan shartnomaga muvofiq, quyidagi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi:
ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirishda o‘zaro ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xalqaro fondlar doirasida ta’lim va ilmiy-tadqiqot loyihalarini birgalikda ishlab chiqish, amalga oshirish va rivojlantirish, mazkur loyihalarni tanlovlarga taqdim etish, Scopus va Web of Science xalqaro ma’lumotlar bazalariga kiritilgan nufuzli jurnallarda hammualliflikda ilmiy maqolalar chop etish, shuningdek, yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash.
Shuningdek, O‘zR FA Umumiy va noorganik kimyo institutida har yili an’anaviy tarzda xalqaro va respublika miqyosida o‘tkazib kelinayotgan ilmiy hamda ilmiy-texnik anjumanlarda “D. I. Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti” professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlari va talabalarining faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.
Mazkur anjumanlarda akademik ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi chuqur integratsiyani ta’minlash, mineral xom ashyolarni qayta ishlashning dolzarb muammolarini hal etish, ular negizida yangi moddalar, birikmalar, preparatlar va materiallar olishning yuqori samarali texnologiyalarini yaratish, shuningdek, kimyogar olimlar tomonidan ishlab chiqilgan ilg‘or texnologiyalarni amaliyotga samarali joriy etish masalalari muhokama qilinadi.
Anjumanlar doirasida mahalliy neft va gaz kondensatini kompleks qayta ishlash, polimetall rudalardan rangli va nodir metallar ajratib olish, mineral va ikkilamchi xom ashyo resurslari asosida keramika hamda qurilish materiallari ishlab chiqarish, mahalliy xom ashyolardan sifatli o‘g‘itlar, samarali defoliantlar va stimulyatorlar sintez qilish kabi dolzarb ilmiy-amaliy masalalar atroflicha muhokama qilinadi.
Kelgusida imzolanadigan hamkorlik shartnomasi asosida institutda olib borilayotgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar doirasida neft kimyosi, kolloid kimyo va sanoat ekologiyasi, silikatlar kimyosi, gidrometallurgiya va elektrokimyo, o‘g‘itlar, stimulyatorlar va defoliantlar kimyosi yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish, o‘zaro aloqalarni yanada kengaytirish va chuqurlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.
➖➖➖➖➖➖➖➖➖➖
🌐 😁
😎
https://t.me/Fanlar_akademiyasi |🌐 http://www.academy.uz/
😎
http://facebook.com/academy.uz |😎
http://youtube.com/@Fanlar-akademiyasi |😎
http://instagram.com/fanlar_akademiyasi