📚 O'tish davridagi mahzunliklarni yengish haqidagi kitob
("Qulog'im senda, qizim", Abdulloh Muhammad Abdulmu'ti)
Assalomu alaykum barchaga!
Men bu kitobni YouTube platformasidagi videolar orqali ko'rganman. Shundan so'ng bu kitobni o'qishni niyat qildim. Bir kuni "Stanford" o'quv markazining kutubxonasida ko'rib qoldim va o'qish uchun oldim. Endi bu kitobni t'ariflasam.
Bu kitobda o'smir qizlar(ya'ni 12 yoshdan 15 yoshgacha)da ko'p uchraydigan, o'tish davridagi mahzunliklarni yengish haqida so'z boradi. Insonga musibatlar gunoh va xatolarni o'chirish, qayg'ular orqali Allohga talpinish, unga yaqinlashish, xursandchilik qanday ulug' ne'matligini tushunish va oxirat xursandchiligi va ne'matlariga mushtoq qilish uchun Alloh tomonidan beriladi. O'tish davrida esa bunday holatlar juda ko'p yuz beradi. Shu sababli, bu kitobda shu qayg'ularni yengishning turli diniy yo'llari yozilgan.
Menga eng yoqqan bir joyi bor: Bir inson qattiq qiyinchilikka uchrabdi. Qarzlari ko'payib, 500 tilla tangaga yetibdi. Qarzlarini qaytarolmaganidan keyin, haqdorlar uni shahar qozisining oldiga olib borishibdi. Haqdorlarning so'zlarini eshitgan qozi qarzdorni zindonga tashlabdi. Bechora qarzdor qoziga "Qozi janoblari, ertagacha muhlat bering, men uyimga borib, ayolimga aytib kelay" debdi. Qozi: "Ertaga qaytib kelishingga kim kafolat beradi" debdi. Qarzdor: "Menga Rasululloh(s.a.v.) kafil bo'ladilar . Agar aytilgan paytda kelmasam, dunyoda ham, oxiratda ham "Bu inson Muhammad(s.a.v.)ning ummatidan emas" deb guvohlik beraverasiz" debdi. Qozi qarzdorning shu so'zidan keyin unga ishonib, ruxsat beribdi. Uyga borgach, ayolidan rozi-rizolik olibdi. Shunda ayoli: "Rasululloh(s.a.v.)ni kafil qilib ruxsat olgan ekansiz, keling, kechasi bilan u zotga salavot aytib chiqaylik" debdi. Ular tahorat olib, birga salavot aytishni boshlashibdi. Salavot aytayotib, kechasi uxlab qolishibdi. Qarzdorning tushiga Muhammad (s.a.v.) kirib, shunday debdilar: "Tong otganda shahar hokimining oldiga borib, unga mendan salom ayting va "Rasululloh aytdilar, qarzlarimni to'lab berar ekansiz" deng. So'zingizga isbot so'rasa, unga 2 ta isbot borligini aytasiz. Birinchisi — u menga har kuni ming marta salavot aytadi, ikkinchisi — kecha adashib, salavotni kamroq aytdi, lekin menga to'liq qilib yetkazildi. Shuni ayting" debdilar. Ertalab qarzdor hokimning oldiga boribdi. Unga "Rasululloh sizga salom aytdilar, mening qarzlarimni to'lab berishingizni aytdilar" debdi. Hokim: "Qarzingiz qancha?" deb so'rabdi. "Besh yuz tilla tanga" debdi qarzdor. Hokim: "Rasululloh nega aynan sizga meni aytganlarini qanday isbotlaysiz" debdi. Shunda "Siz har kuni ming martadan Rasulullohga salavot aytar ekansiz. Ammo kecha adashib, kamroq aytib qo'yibsiz. Lekin Rasululloh(s.a.v.)ga to'liq qilib yetkazilibdi" debdi qarzdor. Shunda hokim yig'lab yuboribdi. Shunda unga 500 tilla tanga keltirib, o'z hisobidan unga yana 3000 tilla tanga berib, "Bunisi Rasulullohning salomlarini yetkazganing uchun" debdi. Qarzdor qarzlarini to'lash uchun qozi oldiga kelganida, qozi ham uni kutayotgan ekan. Shunda qozi: "Birodar qarzlaringni o'zim to'layman. Mana bu 500 tanga esa senga sovg'a. Sen tufayli men bugun tushimda Rasulullohni ko'rdim. U zot menga: "Agar shu kishining qarzini to'lab bersangiz, biz ham sizning barcha qarzlaringizni to'lab beramiz" dedilar deb yig'lab yuboribdi. Shu payt qozixonaga haqdor kelib: "Men bu kishining qarzlaridan kechdim. Bu 500 tanga esa mendan tuxfa" debdi. Chunki shu inson tufayli men bugun tushimda Rasulullohni ko'rdim. U zot menga: "Bu kishining qarzlaridan kechsang, qiyomat kuni avf etilasan" dedilar deb u ham yig'labdi. Qarzdor qozining oldiga 500 tilla tanga qarzi bilan kelib, salavot aytish tufayli, yana 4000 tanga bilan uyiga qaytibdi. Shundan so'ng bir umr har kuni salavot aytib o'tibdi.